kampyuter nurini kaktus qaytaradimi?

Texnika olami

Bugungi kunda  kompyuterlar hayotimizning ajralmas bir qismiga aylanib ulgurdi. Ulardan foydalanish ishning unumdorligini oshirish bilan bir qatorda, o‘zidan tarqatuvchi elektromagnit nurlar sabab inson salomatligiga  salbiy ta’sir ko‘rsatishi  ham hech kimga sir emas. Ko‘pchilik   kaktuslarni organizmni bu kabi holatlardan asrovchi yagona o‘simlik sifatida biladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: chindan ham kompyuter nurlari xavflimi, bu xavfni kamaytirishda kaktuslar to‘g‘ri tanlov bo‘la oladimi ?

Avvallari kompyuterdan tarqalayotgan  nurlarning  inson salomatligi uchun xavf darajasi yuqori  edi. Endilikda zamonaviy qurilmalardan kelib chiqadigan elektromagnit to‘lqinlarning zararli ta’siri ham dastlabki qurilmalardan farqli ravishda kamaygan, ya’ni  radiatsiyaga qarshi maxsus himoya moslamasi o‘rnatilgan. Shunday bo‘lsada, ular tarqatayotgan nurlarni mutlaqo xavfsiz deyish noo‘rin.

Kaktuslarni kompyuter yaqiniga qo‘yish 90-yillardan boshlab odat tusiga aylanib ulgurgan edi. Sababi kaktuslar monitordan chiqayotan nurlarni o‘ziga singdiradi va shu bilan foydalanuvchini himoya qiladi, deya  ishonilgan. Bugungi kunda ham bunday qarash saqlanib qolgan. 

Olimlar bir ovozdan tikanli o‘simliklarning himoya xususiyatlari  reallikka mos kelmaydigan afsonadir, deya hisoblaydilar. Xo‘sh, bu fikr haqiqatga qanchalik mos keladi ?

Kaktuslar  haqidagi qarashlar  afsonalar orqali paydo bo‘lgan. Shunday  afsonalardan biri gul do‘konlari sotuvchilari tomonidan o‘ylab topilgan. Kaktuslar dastlab Niderlandiyadan Rossiyaga sotish uchun olib kelinganida  xaridorlarni jalb qilish kerak bo‘lgan. Ular kaktuslardan yuqori daromad olish maqsadida tikanli gullarning monitordan chiqadigan zararli nurlarni qaytarishi haqidagi afsonani o‘ylab topishgan. 

Ilmiy nuqtai nazardan kaktuslar boshqa turdagi o‘simliklardan farqli tarzda elektromagnit to‘lqinlari mavjud maydonda yaxshi rivojlanishi isbotlangan. Demak, kompyuter yaqinida o‘rnatilgan bunday o‘simliklar zararli to‘lqinlarni qaytarmaydi, balki bunday nurlar ta’sirida o‘ziga kerakli moddalarni oladi va havoni ionlar bilan to‘ldiradi. Agar siz kompyuter qarshisida ko‘p vaqt sarflasangiz, ish stolingizga kaktusni qo‘yishingizga hojat yo‘q, shunchaki quyidagi maxsus ko‘rsatmalarga amal qilsangiz kifoya:

1.  Monitordan kamida 50 sm masofa uzoqlikda o‘tiring;
2.  Kompyuterdan foydalanganda 10-15 daqiqa tanaffus qilishga odatlaning;
3.  Xonani tez-tez shamollatib turing;
4.  Maxsus ko‘z mashqlarini bajaring;
5.  Kompyuter qarshisida o‘tirganda  gavdani to‘g‘ri tuting.

Raqamli texnologiyalardan tarqalayotgan nurlanish qay darajada bo‘lmasin , inson salomatligiga salbiy ta’siri shubhasiz. Faqatgina ulardan foydalanishda me’yor va yuqoridagi tavsiyalarga rioya qilsakkina, o‘z sog‘ligimizni saqlab qolgan bo‘lamiz.